AQSh Eron urushi: qurbonlar, Isroil mudofaasini yorib o‘tayotgan raketalar, bayonotlar

AQSh–Eron urushi boshlanganiga 10 kundan oshdi. So‘nggi kunlarda yangi zarbalar va bayonotlar yangramoqda, Eron tomoni esa Isroilning raketaga qarshi mudofaasi tobora zaiflashayotganini da’vo qilmoqda
Sputnik
TOShKENT, 12 mar — Sputnik. AQSh–Eron urushi boshlanganiga 10 kundan oshdi. So‘nggi kunlarda mojaro bilan bog‘liq yangi bayonotlar, harbiy harakatlar va rasmiy ma’lumotlar e’lon qilindi.
New York Post Isroil armiyasidagi manbaga tayanib yozishicha, 11-mart kuni “Hizbulloh” tomonidan uchirilgan 100 ta raketaning taxminan yarmigina tutib qolingan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, shundan so‘ng Isroil armiyasi Livanda quruqlikdagi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu da’vo asosan nashrning harbiy manbasiga tayanadi.
Eronning Moskvadagi elchisi Kazem Jalaliy RIA Novostiga 14-mart kuni bergan intervyusida “Temir gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimi kun sayin yomonroq ishlayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaro boshida qarshilik ko‘rsatish darajasi yuqori bo‘lgan, ammo vaqt o‘tishi bilan bu imkoniyat tobora pasayib bormoqda.
Eron harbiylari ham avvalroq Isroil hududidagi nishonlarga zarba berish osonlashayotganini ta’kidlagan edi. Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibofning aytishicha, mojaro boshida Eron katta miqyosda raketa uchirgan bo‘lsa, hozir zarbalar uchun kamroq vosita talab etilmoqda.
Avvalroq Eron “Hizbulloh” bilan birga Isroil hududidagi nishonlarga zarba bergani xabar qilingan edi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bayonotiga ko‘ra, besh soat davom etgan 40-to‘lqin doirasida raketa va dronlar yordamida Isroildagi 50 tadan ortiq nishon urilishi aytilgan.
Shuningdek, Eron AQShning Saudiya Arabistoni, Iordaniya va boshqa mamlakatlardagi bazalariga muntazam zarbalar berayotganini bildirmoqda.
2 martga o‘tar kechasi “Hizbulloh” Isroilga qarshi faol jangovar harakatlarni qayta boshlaganidan so‘ng Isroil Livanning o‘nlab shahar va aholi punktlariga zarbalar berdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu hujumlar oqibatida 570 kishi halok bo‘lgan, 1444 kishi jarohatlangan, 800 mingga yaqin fuqaro esa uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy esa 28-fevraldan beri mamlakatda 1348 nafardan ortiq tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgani, 17 mingdan ortiq kishi yaralanganini bildirdi.
"Reuters" ma’lumotiga ko‘ra, Isroil rasmiylari ham urush Eron hukumatining qulashiga olib kelishiga ishonchi komil emasligini tan olgan. Shu bilan birga, manbalardan biri Isroil amaldagi hokimiyatni to‘liq ag‘darishga intilmoqda, deb aytgan; agentlik hozirgi kampaniya bu maqsadga qanday erishishi noma’lumligini, ehtimol quruqlikdagi hujum talab qilinishi mumkinligini qayd etgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa Eronning elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini “bir soat ichida” yo‘q qilish mumkinligini aytgan, biroq bunday qadamga borishga to‘g‘ri kelmasligiga umid bildirgan.
"New York Times"ning yozishicha, Pentagonning AQSh Kongressiga taqdim etgan hisobotida operatsiyaning dastlabki olti kuni AQShga 11,3 milliard dollardan ortiqqa tushgani aytilgan. Bunda harbiylar va texnikani ko‘chirish xarajatlari hisobga olinmagani uchun umumiy summa yanada yuqori bo‘lishi mumkin.
AQSh va Isroilning Eronga hujumi

AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eronga zarba berishni boshladi. Zarbalar Eronning yadroviy dasturi borasida muzokaralar olib borilayotgan vaqtda amalga oshirildi. Vashington va Tehron muzokaralarining so‘nggi bosqichi 26-fevral kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan edi.

AQSh va Isroil zarbalari oqibatida Eron Oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Undan tashqari, Minob shahrida qizlar boshlang‘ich maktabiga berilgan zarba oqibatida 171 nafar bola va 15 nafar o‘qituvchilar halok bo‘ldi.

Eron Isroil hududiga, shuningdek, Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga javob zarbalari berdi. Bir necha kun davomida BAA, Bahrayn, Ummon, Iroq, Saudiya Arabistoni, Qatar va boshqa qator davlatlardagi AQSh harbiy bazalari zarbaga uchradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron oliy rahbariga suiqasd barcha insoniy axloq normalari va xalqaro huquqni buzish ekanini ta’kidladi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Isroilning hujumlarini qoraladi va zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.

Rossiya va Xitoy 1-mart kuni BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda majlisini chaqirdi.

Xavoga uchayotgan pul: AQSh kuniga deyarli $1 mlrd sarflamoqda, Eron esa 6 oylik urushga tayyor