TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Rossiya Davlat dumasining MDH ishlari, Yevroosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi mehnat migrantlariga oid yangi talablarni nazarda tutuvchi hukumat qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilishni tavsiya qildi.
Hujjatga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan mexnat migrantlari farzandlari, agar Rossiyada qolish uchun boshqa qonuniy asosga ega bo‘lmasa, 30 kun ichida mamlakatni tark etishi yoki mehnat patenti rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, daromadi yashash minimumidan past bo‘lgan chet el fuqarolariga patent berish yoki uni uzaytirish cheklanishi mumkin. Daromad haqidagi ma’lumotlar soliq organlari tomonidan Rossiya IIVga avtomatik tarzda yuborilishi rejalashtirilgan.
Bir yil davomida 10 oydan kam ishlagan chet el fuqarosining Rossiyada vaqtincha yashash ruxsatnomasi (RVP) yoki yashash guvohnomasi (VNJ) bekor qilinishi mumkin.
Bu tartib jismoniy shaxslarda uy-ro‘zg‘or, shaxsiy va boshqa maishiy ehtiyojlar uchun ishlayotganlarga ham tatbiq etiladi. Bunda ish faoliyati 10 oydan kam bo‘lishi yoki o‘zi hamda qaramog‘idagi oila a’zolari uchun JShDS bo‘nak to‘lovlari 10 oydan kam muddatga tasdiqlanishi asos sifatida ko‘riladi.