TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Moskvada Xalqaro rus tili tashkiloti — MORAning birinchi vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Nutq davomida vazir quyidagilarni ta’kidladi:
“Ushbu qadamga davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida qaror topgan ishonchli va chinakam birodarlik muloqotining ifodasi, gumanitar hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga muhim hissa sifatida qaraymiz”.
“Ishonchim komilki, ta’lim sohasidagi ulkan tajriba, boshqaruv ko‘nikmalari, strategik rejalashtirish, shuningdek, mustahkam ilmiy baza sinergiyasi tashkilot oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarning yuqori samaradorligini ta’minlaydigan harakatlantiruvchi kuchga aylanadi”.
“Madaniy xilma-xillikning keng ko‘lamida rus tili o‘zining noyob rolini saqlab qolmoqda”.
“Bu BMTning 6 ta rasmiy tillaridan biri bo‘lib, ulkan makonda yuz millionlab odamlarni birlashtirgan buyuk adabiyot, fan, madaniyat va xalqaro muloqot tilidir”.
“MDH, ShHT va Markaziy Osiyo—Rossiya formatida rus tili davlatlararo muloqotning qulay va sinalgan vositasi bo‘lib qolmoqda”.
“Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, biz davlat tilini rivojlantirishni jahondagi yetakchi xorijiy tillar, ko‘p millatli mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining tili va madaniyatini rivojlantirish bilan uzviy bog‘liq holda ko‘ramiz”.
“O‘zbekistonda ta’lim rus tilida olib boriladigan 900 taga yaqin maktab, Rossiyaning 15 ta yetakchi oliy o‘quv yurtining filiallari faoliyat yuritmoqda”.
“Rus tili millatlararo muloqot tili rolini o‘ynashda davom etmoqda. U bundan buyon ham Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlari o‘rtasidagi yaqin va do‘stona munosabatlarning fundamental tayanchlaridan biri bo‘lib qoladi”.
“Ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan biz rus tilining fan, madaniyat va kasbiy muloqot tili sifatidagi mavqeyini mustahkamlab, insoniy aloqalarni rivojlantirish va mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga hissa qo‘sha olamiz”.
Xalqaro rus tili tashkilotini tuzish g‘oyasini Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2021-yil 28-dekabr kuni Sankt-Peterburgda ilgari surgan edi.
Tashkilotni ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnoma 2023-yil 13-oktabrda Bishkekda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan imzolangan. Tashkilot rus tilini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.