Moskvadagi MITT-2026 ko‘rgazmasida O‘zbekistonga oid yangi turizm loyihalari taqdim etildi

Moskvada MITT-2026 xalqaro turizm yarmarkasi boshlandi. Unda O‘zbekistonga oid sayyohlik, aviaqatnov, festival va yangi turizm loyihalari haqida ma’lumotlar aytildi.
Sputnik
TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Moskvada xalqaro turizm va mehmondo‘stlik sanoati ko‘rgazmasi — MITT-2026 ish boshladi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar bermoqda.
Ko‘rgazma Rossiya turizm sanoatining eng yirik yillik tadbirlaridan biri hisoblanadi.
Joriy yilgi yarmarkada 40 dan ortiq davlat, jumladan, Ummon, Misr, Xitoy, Turkiya, Malayziya, O‘zbekiston va Tojikiston milliy stendlar bilan qatnashmoqda. Shuningdek, Rossiyaning aksariyat hududlari ham o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda.
Ko‘rgazmada turoperatorlar, sayohat agentliklari, mehmonxonalar, transport va tashuv kompaniyalari, onlayn bronlash tizimlari, muzeylar, bog‘lar, IT-yechimlar hamda sug‘urta kompaniyalari ishtirok etmoqda.
MITT-2026 doirasida O‘zbekistonga oid qator yangiliklar ham ma’lum qilindi.
“Utair” aviakompaniyasi vakili Oleg Semonovning aytishicha, 2025-yilda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida 4 million yo‘lovchi tashilgan. Ayni paytda Rossiyaning 9 ta va O‘zbekistonning 3 ta aviakompaniyasi mos ravishda 38 ta va 46 ta yo‘nalishda parvozlarni amalga oshirmoqda.
“N1 Choyxona” restoranlar tarmog‘i asoschisi Aleksey Vasilchuk O‘zbekistonga sayohatlarni targ‘ib qilish rejalari haqida so‘zlab, 2026-yil yozida Moskvadagi Manej maydonida o‘zbek taomlari festivali o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Gelikon Opera vakili Anna Aksakova MITT-2026da 23–24 may kunlari Xivada opera festivali bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Unda rossiyalik va o‘zbekistonlik san’atkorlar ishtirok etadi.
Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi vakili Nikita Kondratyev esa 2025-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi 14 foizga oshganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar orasida Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xivaga sayohatlar ayniqsa mashhur.
Shuningdek, u O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuvi tufayli 2–3 kunlik sayohatlar uchun qulay tranzit markazga aylanayotganini ta’kidladi.
HotelPro kompaniyasi bosh direktori Dilshod Odilovning ma’lum qilishicha, 27-mart kuni qadimiy Xivada “Arda Xiva” tematik shaharchasi ochiladi. Majmuada 5 ta mehmonxona, 8 ta villa, yopiq va ochiq akvaparklar, to‘yxona, sport maydonlari va 10 ga yaqin restoran ishlaydi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, majmuani boshqarish bo‘yicha Rossiyaning yirik mehmonxona boshqaruv kompaniyasi “Kronverk Grupp” bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Samarqand muzey-qo‘riqxonasiga kelgan har beshinchi xorijiy sayyoh — Rossiya fuqarosi