TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lumotlariga tayanib RIA Novosti xabar berdi.
Tramp tashabbusi bilan uyushtirilgan ushbu telefon muloqoti qariyb bir soat davom etdi. Bu ularning joriy yildagi ilk suhbati bo‘lib, shu tariqa ikki yetakchilar o‘rtasidagi muloqotlar umumiy soni 11 taga yetdi.
Ushakovning asosiy bayonotlari:
“E’tibor Eron atrofidagi vaziyatga va AQSh vakillari ishtirokida Ukraina bo‘yicha olib borilayotgan ikki tomonlama muzokaralarga qaratildi".
“Biz tomondan Donald Tramp va uning jamoasining Ukrainadagi mojaroni hal etish bo‘yicha vositachilik sa’y-harakatlari ijobiy baholandi”.
“Hozirda Rossiya qo‘shinlari jangovar to‘qnashuv chizig‘ida muvaffaqiyatli harakatlanayotgani ta’kidlandi. Bu Kiyevni mojaroni muzokaralar orqali hal qilishga undaydigan omil sifatida baholandi”.
"Suhbat juda mazmunli bo‘ldi va, shubhasiz, ikki mamlakatning xalqaro siyosatning turli yo‘nalishlarida kelgusidagi ishlari uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘ladi".
“Prezidentlar Venesuela masalasiga ham to‘xtaldilar, jumladan, jahon neft bozoridagi vaziyat nuqtayi nazaridan”.
“Rossiya prezidenti Eron mojarosini tezroq siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan qator mulohazalarni bildirdi”.
Trampning asosiy bayonotlari:
“Biz Ukrainani muhokama qildik. Menimcha, bu masala bo‘yicha suhbat ijobiy ruhda o‘tdi”.
“Biz, albatta, Yaqin Sharq haqida ham gaplashdik, u (Putin - tahr.) yordam bermoqchi”.
“Eron raketalarga ega bo‘lgan harbiy jihatdan juda qudratli davlat”.
“Men AQSh qurollari va armiyasining ustunligiga ishonaman”.