TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 9-mart kuni O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov bilan uchrashdi. Bu haqda Belarus prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rejalashtirilayotgan tashrifi arafasida muhokama qilinadigan masalalar ko‘pligi ta’kidlandi. Lukashenko, shuningdek, 2030-yilga borib o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kelishuvni ijobiy baholadi.
Lukashenko Belarus O‘zbekistonga barcha zarur sharoit va texnologiyalarni taklif etishga tayyorligini bildirdi. U, jumladan, Vitebsk va Mogilov viloyatlarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ham tilga oldi.
Shuningdek, Belarus tomoni O‘zbekistondan jun va mo‘yna yetkazib berish hamda uni mahalliy korxonalarda qayta ishlashdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Lukashenko Belarus O‘zbekistonga tegishli texnologiyalarni olib kelish, mutaxassislarni tayyorlash va zarur sohalarda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini aytdi. Bu yordam qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va atom energetikasi kabi sohalarni qamrab olishi mumkin.
U, ayniqsa, O‘zbekistonning AES qurilishiga qiziqishiga to‘xtalib, Belarus bu borada katta tajriba orttirganini ta’kidladi. Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek vakillari istalgan vaqt kelib, mutaxassislar bilan uchrashishi mumkin. Belarus tomoni qurilishga hissa qo‘shish va mutaxassislar orqali yordam berishga tayyor.
Lukashenko O‘zbekiston butun dunyodan malaka va tajriba olib kelayotgan jadal rivojlanayotgan davlat ekanini ham ta’kidladi.
U Belarusda ko‘plab o‘zbeklar yashab, mehnat qilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, beloruslar, ayniqsa oilali mehnat migrantlarini qabul qilishdan mamnun, chunki mamlakatda aholi o‘sishi O‘zbekistonniki kabi yuqori emas.
Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, ishga qabul qilinayotganlar aniq ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi, ular va farzandlari yasli, bog‘cha, maktab hamda oliy ta’lim xizmatlaridan beloruslar bilan teng asosda foydalanadi.
Shuningdek, u Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston beloruslar uchun katta yordam ko‘rsatganini eslab, ko‘plab beloruslar aynan O‘zbekistonda boshpana topgani va ularga insoniy munosabat qilinganini ta’kidladi.
“Bu borada biz sizlardan biroz qarzdormiz”, - dedi Belarus prezidenti.