Turkiyadagi TDT yig‘ilishi: Saidov Erdog‘an, Fidan va Bayramov bilan uchrashdi

Yig‘in doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Turkiya va Ozarbayjon rahbariyati va vazirlari bilan muzokaralar o‘tkazib, dolzarb mintaqaviy masalalarni muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 8 mar — Sputnik. 7 mart kuni Istanbulda Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining norasmiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Unda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi. Yig‘ilish doirasida u Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an qabulida bo‘ldi, shuningdek Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan va Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muhokamalar chog‘ida mintaqaviy va global xavfsizlikka tobora ortib borayotgan tahdidlar, shuningdek mamlakatlar o‘rtasidagi birdamlik va muvofiqlashuvni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, barqarorlik, o‘zaro bog‘liqlik va izchil rivojlanishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishni qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.
Baxtiyor Saidovning Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bilan muloqotida Yaqin Sharqdagi vaziyat va uning mintaqaviy oqibatlari muhokama qilindi. Tomonlar ziddiyatlarni muloqot va diplomatiya yo‘li bilan hal etish muhimligini qayd etdi.
Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan uchrashuvda ham mintaqadagi so‘nggi voqealar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar keskinlikning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Erdog‘an va Turkiya xavfsizlik idoralari rahbarlari bilan uchrashdi