TOShKENT, 4 mar — Sputnik. Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Bu haqda tegishli prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
erta nikoh holatlarining oldini olish;
moliyaviy mustaqil va oila qurishga tayyor yoshlar o‘rtasida nikohni rag‘batlantirish;
ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini kamaytirish tizimini takomillashtirish.
Farmonga ko‘ra, nikoh yoshini kamaytirishga asos bo‘ladigan holatlar aniq belgilab qo‘yiladi.
2027 yildan har ikki taraf kamida 21 yoshga to‘lganda birinchi marta nikoh tuzgan yosh oilalar davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi.
Jumladan:
Ijtimoiy reyestrga kiritilganda subsidiya, ssuda va grantlar 1,5 baravarga oshirilgan miqdorda beriladi;
nikoh shartnomasi tuzilgan hollarda nikohni qayd etish uchun davlat bojidan ozod etiladi.
Talaba-qizlar uchun “ikkinchi imkoniyat”
Homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha farzand tarbiyalayotgan talabalar uchun ta’limni davom ettirish imkoniyati kengaytiriladi.
Unga ko‘ra:
kursdan kursga qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, fanlar farqini o‘zlashtirish sharti bilan, o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi;
fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha muddat beriladi.
Erta nikoh targ‘iboti uchun javobgarlik
Voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat qilish yoki uni targ‘ib qilish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
1 sentabrdan nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzganlik uchun undirilgan jarimalarning 15 foizi bu haqda xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida:
mahalla organlari;
FHDYo idoralari;
ta’lim va tibbiyot muassasalari;
diniy tashkilotlar;
ichki ishlar organlari va “Inson” markazlariga xabar berishi shart bo‘ladi.
Zo‘ravonlikka qarshi tizim kuchaytiriladi
1 apreldan himoya orderi berilgan xotin-qizlar telefoniga tazyiq va zo‘ravonlik haqida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi SOS chaqiruv funksiyasiga ega my.ihma.uz mobil ilovasi o‘rnatiladi.
Shuningdek:
Jinoyat kodeksining 118 (nomusga tegish) va 119 (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) moddalari bo‘yicha voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat sodir etgan shaxslar manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydi;
jazo o‘tayotgan mahkumlar psixologik tuzatish dasturidan o‘tmasdan turib jazo sharoitini yengillashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
2027 yil 1-yanvardan ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka oid jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
1 sentabrdan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, IIV akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida “Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning protsessual jihatlari” bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi joriy etiladi.