TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga tibbiyot va farmatsevtika ta’limi sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmon loyihasi joylashtirildi.
Loyihada quyidagilar nazarda tutilgan:
tibbiyot OTTda oshirilgan to‘lov-kontrakt (superkontrakt) asosida qabulni bekor qilish;
2026 yil 1-iyuldan ilmiy va ta’lim maqsadlarida kadaver (murdalar)ni O‘zbekistonga olib kirishga ruxsat berish;
shifokor mutaxassisliklari uchun minimal o‘tish balini 70 foiz, o‘rta tibbiyot mutaxassisliklari uchun 60 foiz etib belgilash;
2027 yildan davlat granti asosida o‘qigan bitiruvchilar uchun 1 500–3 000 ish soati miqdorida majburiy ishlab berish tartibini joriy etish;
sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini xalqaro standartlar asosida isloh qilish;
2026/2027 o‘quv yilidan “davolash ishi” va “pediatriya ishi” negizida 6-yillik “5+1” shaklidagi “umumiy tibbiyot” yo‘nalishini joriy etish;
tor soha mutaxassislarini faqat rezidentura va magistratura orqali tayyorlash, qisqa qayta tayyorlash kurslarini bekor qilish;
Hamshiralar akademiyasi negizida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasini tashkil etish;
2027 yildan “oliy hamshiralik ishi” bitiruvchilariga 100 foiz, oilaviy shifokorlik bo‘yicha rezidentura va magistraturani tamomlaganlarga 150 foiz ustama belgilash;
oliy tibbiy ta’lim dasturlarini bosqichma-bosqich WFME akkreditatsiyasidan o‘tkazish.
Hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolar belgilangan tartibda taklif va mulohazalar kiritishlari mumkin.