TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Toshkentdagi Sputnik O‘zbekiston multimedia matbuot markazida avtomobillar uchun ekologik stikerlar tizimini joriy etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yangi tizimning ishlash tartibi, qaysi transport vositalariga tatbiq etilishi hamda uning haydovchilar va poytaxtdagi ekologik holatga ta’siri haqida ma’lumot berildi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekspertizasi markazi direktori o‘rinbosari Vacheslav Shi-Sanning aytishicha, hozirga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 113 mingga yaqin ekologik stiker rasmiylashtirilgan.
Stikerni olish ikki usulda amalga oshiriladi: my.gov.uz portali orqali yoki Toshkent shahar YHXBning Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod va Chilonzor tumanlarida joylashgan texnik ko‘rik punktlarida. Buning uchun transport vositasining texnik pasportini taqdim etish talab etiladi. 1986-yilgacha ishlab chiqarilgan avtomobillar Yevro ekologik sinf talablariga javob bermagani sababli stiker olmaydi.
Ma’lum qilinishicha, avvalo Ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi avtomobillar stikerlashdan o‘tkazilgan, so‘ngra ichki ishlar organlari va boshqa davlat idoralari transport vositalari qamrab olingan. Tizim bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Ekologik stikerlar tizimini ishlab chiqishda MDH davlatlari tajribasi o‘rganilgan. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda xalqaro namunadagi ekostikerlarni joriy etgan birinchi davlat hisoblanadi. Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda hozircha bunday tizim mavjud emas.
Ba’tafsil - Sputnik O‘zbekiston videosida.