TOShKENT, 2 mar — Sputnik. Jahon matbuoti diqqati hali ham Yaqin Sharqdagi mojaroga qaratilgan. Turli nashrlar vaziyatni o‘z nuqtayi nazaridan tahlil qilmoqda.
"Le Figaro" Eronning harakatlarini tahlil qilib, Tehron mojaroni mintaqaviylashtirishga urinayotganini yozadi. Nashrga ko‘ra, Eronning ikki maqsadi bor:
neft bozoriga tayanayotgan davlatlarga iqtisodiy bosim o‘tkazish;
AQShga ittifoqchilar orqali bosim kuchaytirish.
Isroil: kundalik hayot urush sharoitida
"The Jerusalem Post" ta’kidlashicha, 2023-yil 7-oktabr voqealaridan keyin isroilliklar Eron va uning ittifoqchi guruhlar hujumlarini ham boshdan kechirgan. Shu bois jamoatchilikda sodir bo‘layotgan hodisalar “odatiy holat” sifatida qabul qilinayotgandek taassurot uyg‘otadi.
Aholi asosan uyda qolmoqda, zarur mahsulot do‘konlari ishlashda davom etmoqda, ayrim restoranlar esa taomlarni olib ketish tartibida xizmat ko‘rsatmoqda.
Livan yo‘nalishi: mojaro kengayishi xavfi
"Axios" Livandan Isroilga “Hizbulloh” tomonidan snaradlar otilayotgani ortidan mojaro yana bir davlatga kengayishi mumkinligini yozmoqda. Nashr ta’kidlashicha, Isroil zarbalariga qaramay, “Hizbulloh” hali ham mintaqadagi eng kuchli proksi tuzilmalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Eron rahbariyati masalasi
"Wall Street Journal" Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning yo‘q qilinishini “xavfli qadam” deb atadi. Nashrning fikricha, bu Eronni beqarorlashtirib, AQShni kengroq mintaqaviy mojaroga tortishi mumkin.
Britaniya pozitsiyasi o‘zgardi
Britaniya bosh vaziri Kir Starmer AQShga harbiy bazalardan foydalanishga ruxsat berganini ma’lum qildi. OAVlar bu qarorni keskin burilish sifatida baholamoqda.
"The Telegraph" avval London xalqaro huquq sabab ruxsat bermaganini, keyin pozitsiyasini o‘zgartirganini yozdi.
"Daily Mail" Kiprdagi Akrotiri aviabazasida portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi. Nashrga ko‘ra, bazaga 2 mingga yaqin harbiy joylashgan.
"The Independent" bu qarorni “180 darajali burilish” deb atadi.
"The Guardian" esa Starmer ichki siyosiy bosim ostida bo‘lganini qayd etdi.
Ayrim nashrlar bu holat Britaniyani mojaroga yanada chuqurroq jalb qilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ostindagi otishma
AQShning Ostin shahridagi otishma oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, 14 kishi jarohatlandi.
Gumonlanuvchi — 53 yoshli Ndiaga Diagne. U politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan. Otishma paytida uning egnida Property of Allah (inglizcha: "Allohning mulki") yozuvi bo‘lgan kofta bo‘lgan.
"New York Post" uning AQShga 2000-yilda kelgani va keyin fuqarolik olgani haqida yozdi.
"Axios" esa hodisani ehtimoliy terrorchilik harakati sifatida tekshirish boshlanganini xabar qildi. Texas gubernatori hodisani Yaqin Sharq mojarosi bilan bog‘ladi, ammo FQB buni hozircha tasdiqlamagan.
"Axios" esa hodisani ehtimoliy terrorchilik harakati sifatida tekshirish boshlanganini xabar qildi. Texas gubernatori hodisani Yaqin Sharq mojarosi bilan bog‘ladi, ammo FQB buni hozircha tasdiqlamagan.