Xolis tergov va jazo muqarrarligi ta’minlanadi — Bosh prokuratura

Ushbu ish yuzasidan tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.
Sputnik
TOShKENT, 28 fev — Sputnik. Mirobod tumanida voyaga yetmagan shaxs tomonidan YPX inspektorini urib yuborish yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.
"Tergov harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilib, aybdor shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi qat’iy ta’minlanadi", - deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingani ham aytib o‘tilgan.
Ayni damda gumonlanuvchi ushlangan. U Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlar sodir etishda gumon qilinmoqda. Bular xususan, transport vositasini olib qochish , o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan og‘ir shikast yetkazish kabi jinoyatlardir.
Dastlabki tergovda aniqlanishicha, 2010-yilda tug‘ilgan fuqaro, 10-sinf o‘quvchisi, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, ijtimoiy tarmoqlarda maqtanish maqsadida, avtomashinaga migalka va sirenalar o‘rnatgan holda bir necha marotaba jamoat xavfsizligiga qarshi huquqbuzarliklar sodir etib kelgan.
Bir oy oldin, ushbu fuqaro YPX xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmaganligi uchun, uning otasi 2026-yilning 9-yanvar kuni Ma’muriy javobgarlik kodeksining 47-moddasiga muvofiq (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) javobgarlikka tortilgan.

Voqea qanday bo‘lgan edi

25 fevral kuni soat 21:30 larda tanishining opasiga tegishli bo‘lgan “BMW” rusumli avtomashina yuvish shaxobchasida qoldirilganligidan xabar topib, turargohda kaliti bilan qoldirilgan avtomashinani olib qochgan.
Mirobod tumani Nukus ko‘chasida, u Yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovning piyodalar va boshqa harakat ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash maqsadida transport oqimini to‘xtatish haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan.
Barcha transport vositalari to‘xtagan bo‘lishiga qaramasdan, haydovchilik guvohnomasi va avtomashina hujjatlariga ega bo‘lmagan voyaga yetmagan qonunbuzar, javobgarlikdan qochish maqsadida, oldi va yon tomonidagi avtomashinalarni keskin aylanib o‘tib, avariyaviy holat yuzaga keltirgan hamda xizmat vazifasini bajarayotgan Yo‘l-patrul xizmati xodimini avtomashinasi bilan urib, unga hayot uchun xavfli og‘ir tan jarohati yetkazgan holda harakatini davom ettirgan.
Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan barcha zarur tibbiy yordamga qaramasdan, IIV xodimi Hosilbek Eshnazarov 27-fevral kuni vafot etdi.