Saida Mirziyoyeva poytaxtda transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini ma’lum qildi

Loyiha aqlli svetoforlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini yangilash hamda avtoturargohlarni tartibga solishni nazarda tutadi.
Sputnik
TOShKENT, 27 fev – Sputnik. Toshkentda transport tizimini modernizatsiya qilish ishlari boshlanmoqda. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
U davlat rahbarining poytaxtda transport tizimi boshqaruvini takomillashtirishga oid dekabr oyida qabul qilingan qarorini hayotga tatbiq etish ishlari boshlanganini qayd etdi.
Buning uchun maxsus tuzilgan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi 26-fevral kuni Toshkentdagi tirbandliklar va ekologiya masalalarini hal qilish, shuningdek, jamoat transporti nazorati bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.
Prezentatsiya po resheniyu voprosov s probkami v Tashkente
Berilgan hisobotlarga ko‘ra, "bugun-erta" "aqlli" svetoforlarni o‘rnatish, yo‘llarga standartlarga mos chiziqlar tortish hamda avtoturargohlarni to‘g‘ri tashkil qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanadi.
“Umid qilamanki, shahar hokimi boshchiligidagi jamoa qarorning ijrosini to‘laqonli ta’minlashga bor kuch va imkoniyatini qaratadi. Men buning bajarilishini shaxsan nazorat qilib boraman. Poytaxt uchun o‘ta muhim, juda zarur bo‘lgan ushbu loyihani amalga oshirishda jamoaga muvaffaqiyat tilayman”, — deb yozdi Prezident administratsiyasi rahbari.
Qaror bilan shaharda intellektual transport tizimi joriy etilib, videokuzatuv va sensorlar orqali transport hamda piyodalar oqimi tahlil qilinishi belgilangan. Shu asosda svetoforlar avtomatik boshqarilib, jamoat va maxsus transportga ustuvorlik beriladi.
Shuningdek, “Qulay muhit” va “Hokimiyat monitori” tizimlari ishga tushirilib, videokuzatuv orqali obodonlashtirish va chiqindilar bilan bog‘liq qonunbuzarliklar aniqlanadi.
Toshkentda tirbandlik kamayishi va ekologiya yaxshilanishi kutilmoqda - yangi tizim ma’qullandi