TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihasining amaliy natijalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qiymati 287 million dollar bo‘lgan megaloyiha natijasida ichimlik suvi viloyatning o‘nta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilmoqda.
Sakkiz–to‘qqiz yil avval Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov 47 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ushbu ko‘rsatkich 67,5 foizga yetdi.
Loyiha doirasida 246 kilometr magistral va ichki tarmoq barpo etildi. Gidravlik hisob-kitoblar asosida suvni nasossiz uzatish imkoniyati yaratildi. Innovatsion yondashuv tufayli qator tuman markazlariga suv elektr energiyasi sarfisiz yetkazib berilmoqda.
223 ta mahallada suv ta’minoti yaxshilandi, suvning qattiqlik darajasi esa ikki baravargacha kamaytirildi. Geoaxborot markazi orqali tizim real vaqt rejimida nazorat qilinmoqda.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida 100 tadan ortiq yer osti suv qudug‘idan foydalanishga ehtiyoj qolmadi. Shuningdek, yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejalishi hisobiga 18,5 milliard so‘m iqtisod qilinmoqda.
Qo‘shimcha ravishda, 10 gektar maydonda quvvati 6418 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi.
Davlat rahbari loyihani yanada samarali amalga oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.