TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Dzudo bo‘yicha Toshkent “Katta dubulg‘a” turnirining faxriy mehmoni — Xalqaro dzudo federatsiyasi (IJF) prezidenti Marius Vizer poytaxtga yetib keldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda mamlakat dzudo federatsiyasi rahbariyati kutib oldi.
Eslatib o‘tamiz, 27-fevral-1 mart kunlari Toshkent shahrida dzudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniri bo‘lib o‘tadi. Mazkur musobaqa IJF taqvimidagi nufuzli reyting turnirlaridan biri hisoblanadi. Unda dunyoning barcha qit’alaridan 400 nafarga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.
“Katta dubulg‘a” turniri Olimpiya reyting ochkolarini taqdim etadigan musobaqa bo‘lib, undagi natijalar sportchilarning xalqaro reytingdagi o‘rniga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, International Judo Federation (IJF) — 1951-yilda tashkil etilgan xalqaro sport tashkiloti bo‘lib, dunyo bo‘ylab dzudo sport turini boshqaradi. Federatsiya tarkibiga 200 tadan ortiq milliy federatsiya a’zo. IJF jahon chempionatlari, “Katta dubulg‘a”, “Gran-pri” va boshqa yirik xalqaro musobaqalarni tashkil etadi.