TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Soliq qo‘mitasi delegatsiyasining Rossiya Federal soliq xizmatiga ishchi tashrifi doirasida tomonlar blogerlar va internet tarmog‘ida faoliyat yurituvchi boshqa shaxslar daromadlari ustidan soliq nazoratini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Xususan, soliq xizmati brendini ommalashtirish, ochiqlikni oshirish va fuqarolar ishonchini mustahkamlash maqsadida media hamjamiyat bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Rossiya tomoni soliq organlari faoliyatida xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan yondashuvlar — soliq to‘lovchilar uchun qulay xizmatlar yaratish, ular bilan samarali muloqot o‘rnatish va ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha tajribasini taqdim etdi.
Tajriba almashish ilg‘or yechimlarni o‘rganish va ularni kelgusida O‘zbekiston soliq organlari faoliyatiga joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga xizmat qiladi.