TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Davom etayotgan harbiy mojaro fonida Ukraina prezidenti ofisi sobiq vakillari nomi tilga olinayotgan korrupsiyaga oid yangi jinoiy epizod jamoatchilik e’tiborini tortmoqda.
RIA Novostining sud materiallariga tayanib xabar berishicha, Ukraina prezidenti ofisi sobiq rahbar o‘rinbosari Rostislav Shurma va uning yaqinlari bilan bog‘liq tuzilmalar 3,2 million dollarlik ehtimoliy talon-toroj ishida tilga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Shurma 2019-yilda "GELІOS" investitsiya fondiga rahbarlik qilgan. 2021-yil noyabrda esa boshqaruv uning ukasi Oleg Shurmaning rafiqasiga o‘tgan. Aynan shu davrda fond bilan bog‘liq qator kompaniyalar faoliyati tergov doirasiga tushgan.
Aytilishicha, ushbu kompaniyalar quyosh elektr stansiyalari bilan aloqador bo‘lgan. Tergov materiallariga ko‘ra, mazkur stansiyalar Ukraina energetika tizimiga elektr yetkazib bermaganiga qaramasdan, 2023-yil yozigacha "yashil tarif" asosida to‘lov olgan bo‘lishi mumkin.
Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi burosi 21-yanvar kuni sobiq amaldorga nisbatan ayblov e’lon qilinganini ma’lum qildi. Oliy rada deputati Yaroslav Jeleznyak gap aynan Rostislav Shurma haqida ketayotganini bildirgan. U 2021–2024 yillarda mazkur lavozimda ishlagan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, umumiy ehtimoliy zarar 320 million grivna (taxminan 7,4 million dollar) deb baholanmoqda. Hozircha ish yuzasidan rasmiy tergov davom etmoqda.