TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev korrupsion jinoyatlarda aybdor deb topilib, 11-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Zomin tuman sudining 25-fevraldagi hukmi bilan u Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish), 206-moddasi (mansab vakolatidan chetga chiqish), 210-moddasi (pora olish) hamda 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Sud hukmiga muvofiq, u 3-yil muddatga davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi. Shuningdek, BHMning 150 baravari miqdorida (taxminan 62 mln so‘m) jarima jazosi va 11-yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shu bilan birga, tuman hokimligida bosh mutaxassis lavozimida ishlagan N.I. (1987 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 28 va 210-moddalari (pora berish jinoyatida ishtirok etish) nazarda tutilgan jinoyatda aybdor deb topildi. Unga 2-yil davlat boshqaruv organlarida ishlash huquqidan mahrum qilish va 7-yil ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi.
Sudlanuvchilar jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi. Hukm ustidan qonunda belgilangan tartibda apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Mahmud Xolbo‘tayev 2025-yil iyul oyida 10 ming dollar pora olayotganda qo‘lga olingan edi. U 2019-yil 26-oktabrdan beri Sharof Rashidov tumanini boshqarib kelgan.