TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Belarus bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston–Belarus ko‘p qirrali sherikligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, savdo-iqtisodiy hamkorlikdagi ijobiy sur’atlar qayd etildi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga o‘sib, qariyb 1 milliard dollarga yetgani ta’kidlandi.
Tomonlar mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish orqali iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini qayd etdilar.
Shuningdek, hududlararo aloqalarni mustahkamlash va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.