TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Sankt-Peterburg shahrida 7-qavatdan tushib ketgan bolani qutqarib qolgan qashqadaryolik Xayrullo Ibadullayev haqida uning jiyani Asilbek Tursunov so‘zlab berdi. U tog‘asining inson sifatidagi fazilatlarini ta’rifladi.
"Tog‘am 36 yoshda. Uning oilasi Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida yashaydi. Ilgari mahalliy bozorda ishlagan. Oilasi unchalik boy yashamaydi, uylari ta’mirtalab", — dedi u Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan intervyusida.
Uning aytishicha, Xayrullo Ibadullayevning turmush o‘rtog‘i Gulilola uy bekasi bo‘lib, to‘rt nafar farzand — Gulsevar, Gulnoza, O‘g‘iloy va Ozodani tarbiyalaydi. Shuningdek, u keksa va tez-tez kasal bo‘lib turadigan qaynota-qaynonasiga ham qaraydi.
Jiyanining ta’kidlashicha, Xayrullo akaning bu harakati tasodifiy emas.
"Tog‘am tabiatan juda mehribon, bolajonli inson. Qarindoshlari bilan munosabati yaxshi, hammaga yordam berishga harakat qiladi. U uchun qaysi millat vakili ekani muhim emas — o‘zbekmi yoki rusmi. Chin dildan yordam berishga tayyor. Shuning uchun 7-qavatdan tushib ketgan bola bilan bog‘liq holatda ham u bir zum ham ikkilanmadi", — dedi Tursunov.
🟠Gubernator Peterburga nagradil Xayrullo Ibadullayeva znakom otlichiya "Za doblest v spasenii"
© telegram sputnikuzbekistan
/ Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov Ibadullayev bilan uchrashib, unga befarq emasligi, yordamga tayyorligi va insoniy fazilatlari uchun "Qutqarishdagi jasorati uchun" mukofot belgisini topshirdi.