TOShKENT, 24 fev — Sputnik. EAS Dome uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurashish majmuasi O‘zbekistonda yaratilgan bo‘lib, u dronlarni radioelektron bostirish (soft-kill) va jismoniy yo‘q qilishni (hard-kill) o‘z ichiga oladi. Bu haqda tizim ishlab chiqaruvchisi — O‘zbekistonning "Electronic Autonomous Solutions" (EAS) kompaniyasi ma’lumotlariga tayangan holda RIA Novosti xabar berdi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, optik tola yoki sun’iy intellekt orqali avtonom boshqariladigan dronlarga qarshi odatiy radioelektron kurash usullari har doim ham samara bermaydi. Shu bois EAS Dome majmuasida dronni jismonan yo‘q qilishga qaratilgan hard-kill yechimi taklif etilgan.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan texnologik forumda taqdim etilgan majmua radiolokatsion va optik-elektron vositalar orqali dronlarni aniqlash, kuzatish va identifikatsiya qilish imkoniyatiga ega.
EAS kompaniyasi texnik direktori Behzod Sulaymonovning aytishicha, kompleks 10 kilometrgacha bo‘lgan taktik masofada, ochiq hududlarda esa undan uzoqroq masofada ham dronlarni aniqlash va nazorat qilishga qodir.
EAS 2022-yil oktabrda tashkil etilgan bo‘lib, o‘lchash, nazorat, sinov va navigatsiya uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
2023 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli idoralarga mamlakat havo mudofaasini mustahkamlash maqsadida dronlarni tajriba tariqasida yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergan edi.