TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Toshkentda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev hamda Belarus sanoat vaziri o‘rinbosari Denis Bakey o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va 2030-yilgacha mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qo‘shma loyihalar ijrosini ko‘rib chiqdi. Parrandachilik, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish va kabel mahsulotlari ishlab chiqarish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, qo‘shma korxonalar faoliyatini kengaytirish va ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ayni paytda O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi 244 ta, Belarusda esa O‘zbekiston kapitali ishtirokidagi 229 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
"BelTA" agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Belarus bosh vaziri Aleksandr Turchinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida oziq-ovqat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjatda 2026-yil uchun Belarus mahsulotlarini O‘zbekistonga eksport qilishning aniq hajmlari belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, yog‘ochni qayta ishlash sohasida o‘tkazilgan B2B muzokaralar natijasida 10 ta shartnoma imzolandi. Belarus kompaniyalari O‘zbekistonga mahsulot yetkazib berish bo‘yicha 25 million dollarlik shartnomalar tuzgani ma’lum qilindi.