Yigirma ikki million yosh - bu katta kuch: Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qilmoqda

Uchrashuvda 60 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etmoqda, yangi tashabbus va qo‘shimcha imkoniyatlar e’lon qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 24 fev — Sputnik. “Ko‘ksaroy” qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan muloqoti bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hududlardagi studiyalar orqali uchrashuvda 60 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etmoqda.

“Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, — dedi prezident.

So‘nggi yillarda yoshlar jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Harvard University, Yale University, Princeton University, Columbia University va Cornell University kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotganlar soni 500 nafardan, TOP-100 universitetlarda o‘qiyotganlar esa 3,5 ming nafardan oshdi.
Yoshlar yaratgan 63 ta startap AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va BAA bozorlariga kirdi. Yosh sportchilar xalqaro musobaqalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bugun yosh tadbirkorlar mamlakat biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda.
“O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan davlat deb e’lon qilingani bizga g‘urur bag‘ishlaydi”, — dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilindiki, bu yil Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etiladi. Samarqand shahri Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qiladi.
Shuningdek, endilikda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” o‘tkaziladi. Mas’ul rahbarlar mahalla va ta’lim muassasalariga borib, yoshlar muammolarini o‘rganadi va amaliy yechimlar taklif qiladi.
Hokimlar yoshlarbop savdo-servis loyihalarini amalga oshirish, ta’lim, sport, kasb va til o‘rganish, ishga joylashish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Startapchilarga grant va alohida mablag‘lar ajratiladi, turli sohalarda tanlov va yarmarkalar tashkil etiladi.
Iqtidorli yoshlar uchun ko‘krak nishoni ta’sis etildi: u kimlarga beriladi