TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chalarida ommaviy zaharlanish haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.
Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 21-fevral kuni soat 19:00 dan boshlab Farg‘ona shahrida joylashgan 2-, 58- va 61-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.
Bolalarda tana harorati ko‘tarilishi, qorin og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi belgilari kuzatilgan. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng ularga “o‘tkir diareya, alimentar etiologiyali” tashxisi qo‘yilib, diareya bo‘limiga yotqizilgan.
Hozirda bo‘limda 62 nafar bemor statsionar davolanmoqda, ularning holati qoniqarli deb baholangan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari bog‘chalar oshxonalari hamda ovqat yetkazib beruvchi korxonada tekshiruv o‘tkazmoqda. Bolalar iste’mol qilgan taomlardan laboratoriya tahlillari uchun namunalar olingan.