TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida qalbaki valyuta muomalasi bilan bog‘liq bir necha jinoiy holatlarga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Navoiy shahrida Turkiya davlatidan Qirg‘iziston orqali mamlakatimizga olib kirilgan qalbaki AQSh dollarlarini sotish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, Namangan shahrida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining jinoiy sherigi — 1972-yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi va muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro bilan til biriktirgan. Ular 100 dollarlik kupuralardagi qalbaki 19 900 AQSh dollarini 14 000 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtda ushlandi.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash va ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida qayd etilgan holatda Namangan viloyatining Chust tumanida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan shaxs poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirib, uni aldashga uringan. U 100 dollarlik kupuralardagi 10 ming AQSh dollari hamda 15 million so‘mni qalbaki ekanini aytib, ularni 5 500 AQSh dollariga sotishni taklif qilgan.
DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u pul vositasi hisoblanmaydigan kupuralarni 5 500 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.