TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Rossiya hukumati Davlat Dumasiga mehnat patentini berish yoki uzaytirishni migrantning daromadi yashash minimumidan past bo‘lgan taqdirda taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritdi. Hujjat Duma elektron bazasida e’lon qilingan.
Loyihaga ko‘ra, agar chet el fuqarosining o‘zi va uning qaramog‘idagi oila a’zolariga to‘g‘ri keladigan oylik daromadi belgilangan yashash minimumidan past bo‘lsa, unga patent berilmasligi yoki uzaytirilmasligi mumkin. Yashash minimumi miqdori Rossiya hududlaridagi mintaqaviy koeffitsiyentlar asosida hisoblanadi.
Soliq organlari kalendar yil davomida migrantning daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatik tarzda Ichki ishlar vazirligiga taqdim etadi. Ma’lumotlar ish beruvchilarning sug‘urta hisobotlari yoki “Professional daromad solig‘i” rejimi bo‘yicha deklaratsiyalar asosida shakllantiriladi.
Qonun loyihasi patentni birinchi marta rasmiylashtirayotgan shaxslarga hamda faqat jismoniy shaxslarda shaxsiy-maishiy xizmat ko‘rsatuvchi migrantlarga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, vaqtincha yoki doimiy yashashni tasdiqlashda migrantlar o‘z daromadlari to‘g‘risida ma’lumotnoma, soliq deklaratsiyasi yoki investitsiya va boshqaruv faoliyatidan olingan daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi.