Otabek Umarov "Formula-1"ni nazorat qiluvchi FIA Senati tarkibiga kirdi

Formula-1 va boshqa jahon chempionatlarini nazorat qiluvchi tuzilma "FIA"ning oliy boshqaruv organiga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov saylandi
Sputnik
TOShKENT, 22 fev — Sputnik. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Senati tarkibiga saylandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar qildi.
FIA — jahon avtosportining asosiy boshqaruv organi bo‘lib, Formula-1, Jahon ralli chempionati (WRC), Jahon chidamlilik chempionati (WEC) kabi eng nufuzli musobaqalarni nazorat qiladi. Tashkilot 190 dan ortiq mamlakat milliy federatsiyalarini birlashtiradi.

Mazkur tayinlov bilan Otabek Umarov FIAning strategik qarorlar qabul qiluvchi oliy boshqaruv organi — Senat faoliyatida ishtirok etadi.

O‘zbekiston vakilining ushbu nufuzli tuzilma tarkibiga kirishi mamlakatda avtomobil sporti, xalqaro musobaqalarni qabul qilish imkoniyatlari va zamonaviy mobillik sohasini rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, FIA Senati tashkilotning moliyaviy va strategik siyosatini belgilashda muhim rol o‘ynaydi hamda Bosh Assambleyaga tavsiyalar kiritadi.
O‘zbekistonda Formula-1 poygalari o‘tkazilishi mumkin: Mirziyoyev FIA rahbariyatini qabul qildi