TOShKENT, 20 fev – Sputnik. Prezident farmoni bilan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF–6012-son farmonga o‘zgartirishlar kiritildi.
Farmonning 3-ilovasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, BMTning vaqtinchalik choralar to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, BMTning shartnomaviy qo‘mitalari tomonidan yuborilgan vaqtinchalik choralar to‘g‘risidagi murojaat Tashqi ishlar vazirligi orqali kelib tushgandan so‘ng 1 kun muddatda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi va Adliya vazirligiga yuboriladi.
Markaz 1 kun muddatda mas’ul davlat organlariga so‘rovnoma yuborib, ulardan vaqtinchalik choralarni amalga oshirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish va zarurat tug‘ilganda, asoslangan tushuntirish taqdim etishni so‘raydi.
Davlat organlari 3 kun muddatda amalga oshirilgan chora-tadbirlar yoki amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan tushuntirishni Markazga taqdim etadi.
Markaz ishchi guruh bilan birgalikda yig‘ilgan ma’lumotlar asosida 3 kun muddatda Hukumatning rasmiy nuqtayi nazarini shakllantiradi va Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi.
Hukumatning rasmiy nuqtayi nazari Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2 kun muddatda BMTning shartnomaviy qo‘mitalariga yuboriladi.