TOShKENT, 19 fev — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szun bilan uchrashuvda xitoylik kardiojarrohlar tomonidan joriy yilda yurak nuqsoni bo‘lgan 500 nafar bolaga operatsiya o‘tkazish taklifini muhokama qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, amaliyotlar Bolalar milliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikasida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish, sud-tibbiy ekspertiza markazini texnik jihatdan kuchaytirish va an’anaviy Xitoy tabobati bo‘yicha grant loyihalari istiqbollari ham muhokama qilindi.
Tomonlar Xitoy grantlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni jadallashtirishga kelishib oldi.