TOShKENT, 19 fev — Sputnik. “O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar tinch atom sohasidagi hamkorlik, Jizzax viloyatida rejalashtirilayotgan AES loyihasi, shuningdek, yadroviy va ekologik xavfsizlik masalalarini muhokama qildi.
Qozog‘iston tomoni O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishini yuqori baholab, bu qo‘shni davlatlar uchun yadroviy xavfsizlik bo‘yicha muhim huquqiy kafolat ekanini ta’kidladi.
Uchrashuvda kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar, radioekologik monitoring va favqulodda vaziyatlarda tezkor axborot almashish mexanizmlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, tegishli idoralar o‘rtasida doimiy ishchi aloqa kanalini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar atom energetikasi bo‘yicha mintaqaviy kompetensiyalar markazi doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari va ekspert hamkorligini kengaytirishga qiziqish bildirdilar.
Shuningdek, muloqotni davom ettirishga kelishib olindi. Bu, xususan, 2026-yilda Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi vakillarining “O‘zatom”ga rejalashtirilgan ishchi tashrifi doirasida amalga oshiriladi.