Tatariston va Toshkent viloyati o‘rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Rustam Minnixanov Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Tomonlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Sputnik
TOShKENT, 18 fev — Sputnik. Rossiyaning Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanov Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Tatariston raisi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Rustam Minnixanov O‘zbekiston bilan aloqalar yildan yilga jadal rivojlanayotganini ta’kidlab, yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani, ishbilarmonlik aloqalari kengayib, o‘zaro tashriflar faollashayotganini qayd etdi.

Tatariston rahbari hududlararo hamkorlikka bildirilayotgan qiziqish uchun minnatdorlik izhor qilib, respublika qardosh O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Toshkent viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, Zoyir Mirzayev samimiy uchrashuv va do‘stona muloqot uchun mezbon tomonga minnatdorlik bildirib, o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan, real natijalar berayotgan yangi tashabbus va loyihalarni hamisha qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Tomonlar hamkorlikda hayotga tadbiq etilayotgan loyihalar yuzasidan ham fikr almashib, ularni yanada jadallashtirish bo‘yicha kelishib olishdi.
Toshkent viloyati delegatsiyasining Boshqirdistonga tashrifi: Mirzayev orden bilan taqdirlandi