Ramazonda 6 ming bemor bepul davolanadi, ehtiyojmand va keksalarga moddiy yordam beriladi

Yordam Ijtimoiy reyestrdagi oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestridagilarga hamda yetim bolalar yashayotgan oilalarga ajratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 18 fev — Sputnik. Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Bu haqda tegishli prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, ijtimoiy reyestrdagi oilalarning 6 ming nafar bemor a’zosining davolanishi va jarrohlik amaliyoti bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.
Shuningdek, quyidagi toifadagi shaxslarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratiladi:
Ijtimoiy reyestrning “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestridagi fuqarolarga;
yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga.
Ijtimoiy reyestrning “kambag‘al oila” toifasidagi hamda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga 500 ming so‘mdan yordam ko‘rsatiladi.
Mablag‘lar 1-martga qadar oilalarning ijtimoiy karta yoki bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.
O‘zbekistonda Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi