QQSni qaytarish avtomatlashtiriladi, soliq stavkalari o‘zgarmaydi

O‘zbekistonda QQSni qaytarish jarayoni avtomatlashtirilishi rejalashtirilmoqda. Yangi tizim test rejimida ishga tushirilib, arizalar avtomatik tahlil qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 17 fev — Sputnik. O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish jarayoni avtomatlashtirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkentda o‘tayotgan “Soliq forumi – 2026” tadbirida Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim yaqin ikki-uch oy ichida test rejimida ishga tushirilishi kutilmoqda. QQSni qaytarish bo‘yicha arizalar avtomatik tarzda tahlil qilinadi: agar talab qilingan summaning bir qismi bo‘yicha e’tirozlar bo‘lmasa, u qaytariladi, qolgan qismi esa tekshiruvga qoldiriladi.
“Hozir ariza topshirilganda kamchilik aniqlansa, u to‘liq qaytariladi. Yangi loyihada esa tizim summani o‘zi hisoblab, e’tirozsiz qismini avtomatik ravishda to‘lab beradi”, — dedi Abdiyev.
Shuningdek, u QQS va foyda solig‘i stavkalari bo‘yicha o‘zgarishlar rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, 2028-yilgacha bu soliq turlari bo‘yicha stavkalar saqlanib qoladi.
Forum doirasida soliq ma’muriyatchiligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirishni chuqurlashtirish va biznes muhitiga ta’sir etuvchi soliq siyosati masalalari muhokama qilinmoqda.
Tadbirkorlar uchun muhim o‘zgarish: elektron hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha yangi qoida