TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy sharafiga barpo etiladigan yodgorlik qurilishi tantanali boshlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Loyiha Afg‘onistonda istiqomat qiluvchi o‘zbek jamoatchiligi o‘rtasida milliy ma’naviyatni mustahkamlash, boy adabiy merosni targ‘ib qilish va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Marosimda mahalliy o‘zbek jamoatchiligi vakillari, Balx davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, “Nabizoda” jamg‘armasi rahbari Kamol Nabizoda hamda O‘zbekiston konsulxonasi xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Alisher Navoiy merosi turkiy xalqlar va Afg‘oniston madaniyatida alohida o‘rin tutishini ta’kidladilar. Yodgorlik qurilishi afg‘on o‘zbeklari hayotida muhim madaniy voqea sifatida baholandi.
Shuningdek, shoir Abdulqodir Hamidiy va “Bobur” jamg‘armasi rahbari Muhammad Nabi loyiha milliy o‘zlikni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.