Ziyorat turizmi, tuyachilik va yangi ish o‘rinlari: Navoiy viloyati uchun yangi dastur tasdiqlandi

Navoiy viloyatida 2026-yil iqtisodiy faollikni oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va turizmni rivojlantirishga qaratilgan yirik dastur amalga oshiriladi. O‘sishning aniq ko‘rsatkichlari belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 16 fev — Sputnik. 2026 yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli prezident qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil uchun asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar quyidagicha:
yalpi hududiy mahsulot o‘sishini o‘rtacha 7,9 foizga yetkazish;
sanoatni 7,8 foizga;
bozor xizmatlarini 15,6 foizga;
qishloq xo‘jaligini 5,7 foizga oshirish.
Shuningdek, viloyatni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, aholi daromadlarini barqaror oshirish hamda 4,5 ming nafar fuqaroni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish vazifasi qo‘yilgan.
Karmana tumanida renovatsiya asosida milliy uslubdagi madaniy va turizm klasteri shakllantiriladi.
Qosim shayx xonaqohi hamda Mirsaid Bahrom ziyoratgohi restavratsiya qilinib, o‘zaro bog‘lanadi.
“Yangi avlod” istirohat bog‘i va “Karmana dehqon bozori” bilan uyg‘un holda “Qadimiy Karmana” turistik markazi tashkil etiladi.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berilgan 8 ta qishloq tumanidan tanlangan 16 ta mahallada zamonaviy shahar muhiti yaratiladi.
Shu bilan birga, og‘ir toifadagi Konimex va Navbahor tumanlari hamda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 12 ta mahallada kompleks infratuzilmaviy va ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar amalga oshiriladi.
40 ta mahallani ixtisoslashtirish doirasida 60 ta tik quduq qazish, transformator o‘rnatish, elektr va sug‘orish tarmoqlarini yangilash ishlari rejalashtirilgan.
2026–2027 yillarda tuyachilik va yilqichilik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida xorijdan sut va go‘sht yo‘nalishidagi zotli tuya hamda otlar olib kelinadi.
Shuningdek, grant mablag‘lari asosida aholi va chorvachilik xo‘jaliklaridagi mayda shoxli mollar to‘liq identifikatsiya qilinishi rejalashtirilgan.
Navoiyda Xitoy usulida cho‘llanishga qarshi kurash va arabcha cho‘l turizmi joriy etiladi