Bo‘lajak quruqlik qo‘shinlari elitasi qanday tayyorlanmoqda

Oliy harbiy o‘quv yurtida zamonaviy dunyo sharoitida, yuqori texnologiyali qarama-qarshilikka shay yangi avlod zobitlari tayyorlanmoqda.
Sputnik
Chirchiq shahrida joylashgan Quruqlik qo‘shinlari instituti O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining tarkibiy qismidir. Oliy ta’lim muassasasining asosiy maqsadi zamonaviy jangovar ko‘nikmalarga, jismoniy va ma’naviy barqarorlikka hamda yuqori darajadagi kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan zobitlarni tayyorlashdir.
Bugungi kunda bu yerda mingga yaqin kursant, shu jumladan xorijiy mamlakatlardan kelgan vakillar ta’lim olmoqda. Tayyorgarlik 13 ta kafedrada “50 foiz nazariya + 50 foiz amaliyot” tamoyili asosida ikki tomonlama yondashuv asosidaolib borilmoqda. Bunday yondashuv auditoriya va qo‘shinlardagi haqiqiy vazifalar o‘rtasida uzluksiz bog‘liqlikni ta’minlash imkonini beradi.
Ko‘pchilik bu institutni uzoq tarixga ega mamlakatdagi harbiy muassasalardan biri bo‘lgan sobiq tank bilim yurti sifatida taniydi. Oliy harbiy ta’lim tizimidagi islohotdan keyin bu yerda ta’lim jarayonidan tortib o‘qitish falsafasigacha barchasi o‘zgardi.
O‘quv binolarida zamonaviy auditoriya va sinflar jihozlangan. Bu yerda artilleriya o‘qini boshqarish, robototexnika, dronlar bilan ishlash, sun’iy intellekt, kiberhavfsizlik va boshqa ko‘plab sohalar o‘rgatiladi. Ta’lim jarayonida kompyuter simulyatorlari va raqamli texnologiyalardan foydalaniladi.
Taktika kafedrasi o‘qituvchisi, podpolkovnik Aleksandr Masharipovning tushuntirishicha, simulyatsiya va modellashtirish dasturlaridan foydalanish nazariya va amaliyot o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘inga aylandi.
“Bu resurslarni tejaydi. Yechimlarni bir necha marta ishlab chiqib, keyin esa tayyor bo‘lib poligonga chiqish mumkin”,–deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kursantlarning har bir qarori bir necha bor tahlilqilinadi: avval sinfda, keyin raqamli muhitda va faqat shundan keyingina haqiqiy sharoitlarda.
Institutda bo‘lajak zobitlarning dunyoqarashini shakllantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu maqsadda mafkuraviy poligon - maxsus majmua yaratilgan. Unda kursantlar psixologik tayyorgarlikdan o‘tishadi, harbiy tarixni va harbiy xizmatchilarning jasoratlarini o‘rganishadi, o‘z nuqtayi nazarini asosli tarzda himoya qilishni hamda axborot hujumlariga qarshi turishni o‘zlashtirishadi.
Yana bir yangi obyekt - raqamli poligon. Bu yer osti inshootlari, boshqaruv markazlari va jang zonalari mavjud o‘quv majmuasi bo‘lib, unda turli xil taktik vaziyatlar modellashtirilib o‘rganiladi. Barcha harakatlar yagona raqamli tizim orqali qayd etilib, tahlil qilinadi. Shundan so‘ng kursantlar haqiqiy poligonga jo‘nab ketishadi va u yerda o‘zlashtirilgan bilimlarni real sharoitlarga imkon qadar yaqinlashtirilgan vaziyatlarda qo‘llashadi.
Quruqlik qo‘shinlariinstituti kursantlari olgan bilimlari nafaqat shaxsiy kasbiy o‘sish, balki kelajakdagi mas’uliyat hamekanligiga ishonishadi.
“Bu yerda olgan bilimlarimizni keyinchalik qo‘shinlarda qo‘llay olishimiz kerak. Qo‘shinlarga borgandan keyin o‘z bilimlarimizni shaxsiy tarkibga o‘rgata bilishimiz, shaxsiy tarkibda namuna bo‘lishimiz bu bizning harbiy burchimiz hisoblanadi”, - deydi kursant Ro‘zibek Mamatqobulov.
Quruqlik qo‘shinlari institutida, texnologik jihatdan murakkab va tez o‘zgarayotgan dunyo sharoitida harakat qilishni o‘rganayotgan
yangi avlod zobitlari qanday tayyorlanishi haqida Sputnik O‘zbekiston videosida tomosha qiling.