Toshkentda kreativ industriya parki tashkil etiladi

Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida ham kreativ parklar tashkil etilishi kutilyapti.
Sputnik
TOShKENT, 13 fev – Sputnik. Toshkent shahrida kreativ industriya parki barpo etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga uning konsepsiyasi taqdim etildi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda yashil bog‘, art-obyektlar, xalqaro dasturlash tarmog‘ining Toshkent maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilonlar, kovorking markazi va ofislar, kino va video ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi, kreativ industriya kampusi hamda yoshlar va ijodkorlar uchun mehmonxona barpo etiladi.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida kreativ parklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Yangi Toshkentda kreativ park rezidentlari uchun ijara maydonlari, studiyalar, media va anjuman zallari, tijorat va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashtirilsa, Nukus shahrining Istiqlol bog‘idagi mavjud pavilon rekonstruksiya qilinib, ko‘p funksiyali jamoat-madaniyat markaziga aylantiriladi.
Nukusdagi kreativ park loyihasining e’tiborli jihati shundaki, unda O‘zbekistonning “EKSPO-2025”dagi milliy paviloni joylashtiriladi va yonida zamonaviy kutubxona barpo etiladi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakat 2030-yilga qadar kreativ iqtisodiyotning YaIMdagi ulushini 5 foizga yoki 145 trln so‘mga yetkazish, eksportni 1 mlrd dollarga olib chiqish, sohadagi band aholini 500 ming nafardan oshirishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston va Rossiya kreativ sanoatda hamkorlikning yangi bosqichini boshladi