TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Kuchli yog‘ingarchilik tufayli ayrim hududlarda vaqtinchalik suv to‘planishlari kuzatilayotgani sabab Toshkent shahrining barcha tegishli xizmatlari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilib, kechayu kunduz faoliyat olib bormoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yog‘ingarchilik miqdori o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘lgani sababli yomg‘ir kanalizatsiyasi va oqova suv tizimlariga jiddiy yuklama tushgan.
Yomg‘ir qabul qiluvchi quduqlar, ariq tarmoqlari va kollektorlar cho‘kindilar hamda maishiy chiqindilardan tezkor tozalanmoqda.
Hokimlik maishiy chiqindilar suv oqimini qiyinlashtirishi va mahalliy suv to‘planishlariga sabab bo‘lishini ta’kidladi. Aholidan obodonlashtirish qoidalariga rioya qilish va chiqindilarni suv oqava kanallariga tashlamaslik so‘raldi.
Suv to‘planishi holatlari aniqlansa, “Xalq nazorati” portali, hokimlikning rasmiy Telegram-boti yoki 112, 1055, (71) 212-69-80, (71) 212-69-82 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.