Yaqin Sharqda keskinlik: Tramp Eron tomonga yana qo‘shimcha harbiy kuch yubormoqda

AQSh Eron yo‘nalishiga qo‘shimcha harbiy kuchlarni yo‘naltirmoqda, Tehron esa hatto urush xavfi bo‘lsa ham uranni boyitish huquqiga ega ekanini ta’kidlamoqda
Sputnik
TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Qo‘shma Shtatlarning qo‘shimcha harbiy kuchlari AQSh prezidenti Donald Tramp va harbiy vazir Pit Xegsetning buyrug‘i bilan Eron tomon harakatlanmoqda. Bu haqda AQSh moliya vaziri Skott Bessent ma’lum qildi.

"Prezident va vazir Xegset harbiy kuchlarni Eron yo‘nalishiga yubormoqda", — dedi u Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Bessentning qo‘shimcha qilishicha, Tramp va Xegset bir qator qarorlar qabul qilishi kerak bo‘ladi, biroq gap aynan qanday qarorlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.
Avvalroq "Wall Street Journal" nashri ismi oshkor etilmagan amerikalik amaldorlarga tayanib, Pentagon mintaqadagi keskin vaziyat fonida ikkinchi aviatashuvchi zarba guruhini Yaqin Sharqqa joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergan edi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp hozircha ikkinchi zarba guruhini jo‘natish bo‘yicha rasmiy buyruq bermagan. Amaldorlardan biri esa aviatashuvchini joylashtirish to‘g‘risidagi qaror bir necha soat ichida qabul qilinishi mumkinligini aytgan.
6 fevral kuni O‘mon poytaxti Masqatda AQSh va Eron delegatsiyalari o‘rtasida bilvosita muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tramp ular yaxshi o‘tganini va davom etishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi 8-fevral kuni hatto urush xavfi yuzaga kelgan taqdirda ham Eron uranni boyitish huquqini talab qilishini ma’lum qildi.
Eron o‘z raketa dasturini muhokama qilmaydi — Aragchi