Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va ularning oilalari uchun Mehrli oila xizmati ko‘rsatiladi

Yangi nizomga muvofiq, xizmatlar himoya yoki individual integratsiya rejasi asosida ko‘rsatiladi, ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilar esa maxsus reyestrga kiritiladi.
Sputnik
TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Zo‘ravonlikdan jabrlangan, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan hamda ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi belgilandi. Hukumat qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, ijtimoiy xizmatlar:
zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar va ularning oilalariga — himoya rejasi asosida;
ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi bolalar va ularning oilalariga — individual integratsiya rejasi asosida ko‘rsatiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va ularning oilalariga quyidagi xizmatlar taqdim etiladi:
6 oygacha qisqa muddatli;
1 yilgacha uzoq muddatli;
1 yilgacha tunu kun ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar.
Shuningdek, bolalar va ularning oilalari uchun “Mehrli oila” xizmati joriy etiladi.
Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish istagidagi YaTT va yuridik shaxslar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchilar yagona reyestriga kiritilishi shart. Buning uchun “Ijtimoiy himoya” AT orqali so‘rovnoma to‘ldiriladi.
So‘rovnoma 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Talabgorda kamida ikki nafar psixoijtimoiy mutaxassis (kamida bir yillik stajga ega), ularning tibbiy ma’lumotnomasi hamda bino-inshootlarda sanitariya talablari ta’minlangan bo‘lishi lozim.
Talablar bajarilganda, tashkilot Yagona reyestrga kiritiladi va bu haqda elektron xabarnoma yuboriladi.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarni himoya qilish kuchaytiriladi — asosiy o‘zgarishlar