Attestatsiyaga ko‘ra Toshkent elektr tarmoq rahbarlaridan 29 foizigina lavozimga to‘liq loyiq

Attestatsiya davomida rahbar xodimlarning kasbiy bilimi va boshqaruv qobiliyati baholandi, noloyiq deb topilganlar o‘rniga salohiyatli kadrlarni tanlash choralari belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 11 fev — Sputnik. Energetika vazirligida o‘tkazilgan attestatsiya yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahar hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida 16 nafar rahbar lavozimiga loyiq, 22 nafari 6 oydan so‘ng qayta attestatsiya sharti bilan loyiq, 17 nafari esa noloyiq deb topildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Attestatsiya “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tarkibidagi “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJ va “Energosavdo” filialining rahbar xodimlari o‘rtasida ochiqlik va shaffoflik asosida o‘tkazildi.
Jami 55 nafar rahbarning kasbiy bilimi, boshqaruv qobiliyati, strategik fikrlashi va meyoriy hujjatlarni bilish darajasi baholandi.
Noloyiq deb topilganlar o‘rniga salohiyatli kadrlarni tanlab olish bo‘yicha choralar belgilandi. Shuningdek, rahbarlar malakasini oshirish, kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda har bir rahbar nomzod uchun alohida shaxsiy rivojlanish rejalarini ishlab chiqish asosiy vazifalar sifatida belgilandi.
“O‘zenergoinspeksiya” va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” rahbarlari o‘zgardi