Raqobat qo‘mitasi: 22,1 mlrd so‘m uy xaridorlari foydasiga qayta hisoblandi

Qurilish sohasidagi murojaatlar tahlili uy xaridorlari huquqlarini cheklovchi shartlar va ruxsatsiz obyektlar reklamasi keng tarqalganini ko‘rsatdi.
Sputnik
TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Raqobat qo‘mitasi qurilish sohasiga oid murojaatlar asosida fuqarolar foydasiga 22,1 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
2025 yilda ko‘p kvartirali uylardan xonadon xaridi yuzasidan 1 700 tadan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning 76 foizi ijobiy hal qilinib, mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisoblangan.
Murojaatlarning asosiy qismi:
ta’mir sifati — 42,9%;
kommunikatsiya tarmoqlari — 40,8%;
uyni o‘z vaqtida topshirmaslik — 16,3%.
Qo‘mita o‘rgangan 130 nafarga yaqin quruvchi–iste’molchi shartnomasida muhim bandlar ko‘rsatilmagan: qayta hisob-kitob mexanizmi, topshirish muddati, kechiktirish uchun penya, kafolat va nuqsonlarni bartaraf etish majburiyati.
Ayrim shartnomalarda bekor qilish tartibi faqat quruvchi manfaatiga moslashtirilgan. To‘lovni qaytarish muddatlari esa asossiz ravishda 30–180 kun o‘rniga 24–36 oy etib belgilangan holatlar aniqlangan.
Shuningdek, “Agent” yoki “Tijorat vakili” orqali tuzilgan ayrim shartnomalarda qurilishga mas’ul quruvchi imzosi mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan.
Qo‘mita 120 ta turar joy majmuasi reklamasini o‘rganib, ruxsat hujjatlarisiz va elektron ro‘yxatga kiritilmagan obyektlar targ‘ib qilinganini aniqladi. Qurilish kompaniyalari va reklama beruvchilarga moliyaviy jarimalar qo‘llanildi, qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ruxsat hujjatlariga ega bo‘lmagan obyektlarni reklama qilmaslik yuzasidan OAV va reklama agentliklariga ogohlantirish xatlari yuborildi.
Tahlillar asosida tayyorlangan takliflar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda sohaviy nazorat inspeksiyalariga taqdim etildi.
Tavsiya: xonadon xarid qilishda shartnomani sinchiklab o‘rganing. Obyekt haqidagi ma’lumotlarni elektron ro‘yxat va "Shaffof qurilish" tizimi orqali tekshiring.
Qurilishda qat’iy nazorat: yangi talablar va taqiqlar e’lon qilindi