TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Diyora Keldiyorova asos solgan bolalar dzudo klubi International Judo Federation (IJF) tomonidan "Bolalar uchun eng yaxshi loyiha" deb e’tirof etildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdirlash marosimi "Paris Grand Slam" doirasida bo‘lib o‘tdi. Unda IJF 2025-yil laureatlarini e’lon qildi va Keldiyorova tashkil etgan klub alohida mukofotga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Keldiyorova 2024-yil 28-iyul kuni Parijda o‘tgan Yozgi Olimpiada o‘yinlarida tarixiy natija qayd etgan edi. U 1/16 finalda yaponiyalik Uta Abeni ippon bahosi bilan mag‘lub etdi. Finalda esa kosovolik Distriya Krasnichini yengib, Olimpiya chempioniga aylandi.
Shu tariqa, u dzudo bo‘yicha jahon chempionatida kumush, Olimpiadada esa oltin medal qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik ayol sportchi sifatida tarixga kirdi.
2024 yilda Diyora Keldiyorova O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining gender tengligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlangan.