TOShKENT, 9 fev — Sputnik. O‘zbekiston diplomatlari Vengriyaning yetakchi energetika kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Xususan, MVM EGI Zrt bosh direktori Peter Karpati bilan uchrashuvda O‘zbekistonda qurilayotgan AESda quruq sovitish texnologiyasini joriy etish loyihasining amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Tomonlar loyihani amaliy bosqichga o‘tkazish uchun uch tomonlama bitimni tezlashtirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida kompaniya rahbari “MVM” guruhi O‘zbekiston bozoriga kirish va uzoq muddatli strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Shuningdek, diplomatlar MOL Group rahbariyati bilan neft-gaz sohasidagi investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Kelishuvlarga ko‘ra, joriy yil fevral oyida O‘zbekneftgaz tomonidan “MOL Group” uchun istiqbolli bloklar ro‘yxati taqdim etiladi. 2026-yil mart oyida esa kompaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifi rejalashtirilgan.