TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanida Ichki ishlar organlari Tezkor-qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida radikallashuvga qarshi kurashish doirasida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir davomida Toshkent islom universiteti talabalari bo‘lgan, 1988 va 1999-yillarda tug‘ilgan shaxslar hujra tashkil etgani aniqlandi. Ular viloyatlardan kelgan ikki nafar voyaga yetmagan hamda yana ikki nafar o‘quvchi yoshga yotoq sharoitida qonunga xilof diniy adabiyotlardan foydalangan holda noqonuniy diniy ta’lim berib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu faoliyat 2024-yildan buyon Nomdanak mahallasidagi xonadonlardan birida yo‘lga qo‘yilgan.
Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229 prim 2-moddasi 2-qismi (maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmay turib va diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi ruxsatisiz voyaga yetmaganlarga diniy ta’lim berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarning ota-onalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik) asosida javobgarlikka tortildi.