TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Senatning navbatdagi yalpi majlisida qonunchilikka islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi alohida litsenziya turi joriy etiladi. Ushbu litsenziya asosida banklar:
to‘liq islomiy bank faoliyatini yuritishi;
bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, Markaziy bank hamda islomiy bank xizmatlari ko‘rsatuvchi banklarda Islomiy moliya kengashi tashkil etish va uning faoliyatiga doir talablar belgilanadi.
Bundan tashqari, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilaydigan alohida bob kiritiladi. Unga ko‘ra:
islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq solish maqsadida foizli daromadlarga tenglashtiriladi;
banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama QQSdan ozod etiladi. (Izoh: islomiy moliyada bank kredit bermaydi. U tovarni o‘zi sotib olib, mijozga ustama bilan qayta sotadi. Ustamaga QQS qo‘yilsa, bir operatsiyada ikki marta QQS yuzaga keladi.)