TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatni ta’minlovchi standartlarni joriy etish tartibi belgilandi. Hukumat qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda korrupsiyaga qarshi va raqobatni ta’minlovchi standartlarni majburiy tarzda joriy etish tartibini belgilaydi.
Nizom quyidagi loyihalarga nisbatan tatbiq etiladi:
davlat budjeti yoki davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari;
davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar;
davlat kafolatlari, imtiyozlar yoki davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa shakllari nazarda tutilgan xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar.
Nizomga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari o‘z vakolati doirasidagi loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekspertizadan o‘tkazadi va baholaydi.
Ekspertiza loyihani tasdiqlash jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi.
Ekspertiza va baholash xulosalari asosida loyiha tashabbuskori vakolatli organlar bilan hamkorlikda korrupsiya va raqobat muhitiga oid xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.