Markaziy bank, Ijtimoiy himoya, Statistika qo‘mitasi xakerlik hujum xabariga izoh berdi

Hozircha ma’lumotlar “sizdirilgani” rasmiy tasdiqlanmagan, qaysi bazaga tegishli ekani ham aytilmagan.
Sputnik
TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim davlat axborot tizimlaridan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligi, go‘yoki 15 million yozuv internetga tarqalgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Rasmiy idoralar bu ma’lumotlarni o‘rganayotganini bildirib, hozircha yakuniy xulosa yo‘qligini ma’lum qildi.
Kiberxavfsizlik davlat markazi holat yuzasidan tekshiruv olib borilayotganini, qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq berilishini ma’lum qildi. Fuqarolarga shubhali havolalarga kirmaslik, murakkab parollardan foydalanish va shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etmaslik tavsiya etildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot tizimlariga nisbatan kiberhujum bo‘lgani haqida xabarlar tekshirilayotganini bildirdi. Rasmiy izohda fuqarolar faqat ishonchli manbalarga tayanishga chaqirildi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining rasmiy sahifasida 31-yanvar kuni onlayn ro‘yxatdan o‘tish yakunlangani sababli platforma yopilganligi va xavotirga o‘rin yo‘qligi aytilgan
To‘plangan barcha ma’lumotlar alohida serverda shifrlangan holda xavfsiz saqlanmoqda.
Ro‘yxatga olish bilan bog‘liq ma’lumotlari xavfsizligi bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘qligi aytilgan
Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlariga nisbatan bunday kiberhujum qayd etilmaganini ma’lum qildi.
Rasmiy bayonotlarda ta’kidlanishicha, tekshiruvlar davom etmoqda. Fuqarolarga:
shubhali havolalarga kirmaslik;
SMS-kod, parol va karta rekvizitlarini hech kimga bermaslik;
faqat rasmiy manbalarga ishonish;
shubhali holatlarda vakolatli idoralarga murojaat qilish tavsiya etilgan.
Hozircha "15 million" raqami rasmiy tasdiqlanmagan. Idoralar tekshiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishini bildirmoqda.
Mirziyoyev kiberjinoyatchilik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashni tanqid qildi