Eski uy-joy fondi o‘rniga yangilarini qurish jadallashadi — prezident takliflarni ma’qulladi

Yangi uylarga talab ortib borayotgan sharoitda qurilish sur’atini keskin oshirish, renovatsiyani kengaytirish va ruxsat jarayonlarini qisqartirish taklif etildi
Sputnik
TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha yondashuvlar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, har yili qariyb 200 ming yangi oila tuzilayotgani uy-joy va infratuzilmaga talabni oshirmoqda. Aholi jon boshiga turar joy maydoni 18,9 kv.m.ni tashkil etadi. Uni kamida 23 kv.m.ga yetkazish uchun 2040-yilgacha qurilish sur’atini yiliga 280 mingtagacha oshirish zarur.
2026–2028 yillarda mos ravishda 140 ming, 150 ming va 160 ming xonadonli uylar qurish rejalashtirilgan. Eski uy-joy fondini yangilash va renovatsiya ulushini 15 foizdan 2040-yilgacha 60 foizga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 120 tagacha kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Prezident oznakomilsya s prezentatsiyey po jilishnomu stroitelstvu
Qurilishga ruxsat olish 9 bosqich va 90–120 kun talab qilayotgani qayd etildi. Xalqaro amaliyotdagi “qurilishga tayyor yer” mexanizmini joriy etib, tayyorgarlik va ruxsatnomalarni auksiondan oldin rasmiylashtirish taklif qilindi. Tayyor bo‘lmagan yerlarni savdoga chiqarish taqiqlanadi.
Loyiha hujjatlari sifatini oshirish, profil institutlar faoliyatini kuchaytirish va xorijiy mutaxassislarni jalb etish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, bosh va master rejalar bazasi, “Yer banki”, ko‘p kvartirali uylar geobazasi, eskrou va quruvchilar reytingi kabi modullarni o‘z ichiga olgan “Uy-joy” axborot tizimini ishlab chiqish taklif etildi.
Prezident takliflarni ma’qullab, tegishli topshiriqlar berdi.
O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori salohiyati - tahlil