TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbekistonda my.gov.uz portali orqali eko-stiker olish uchun 55 mingtadan ortiq ariza kelib tushgan, 45 mingtadan ziyod stiker esa tarqatishga tayyorlangan. Bu haqda IIV YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qolgan murojaatlar bo‘yicha eko-stikerlarni tayyorlash rejali tartibda davom etmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 750-sonli qarori ijrosi doirasida ekologik meyorlarga javob bermaydigan avtotransport vositalaridan foydalanishni bosqichma-bosqich cheklash hamda ularning atmosfera havosiga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Bu jarayon ishchi guruh tomonidan tekshiruv va tahlillar bilan davom ettirilmoqda.
Tekshiruvlar davomida Toshkent shahrida ishlab chiqarilganiga 40-yildan oshgan 52 mingdan ortiq avtotransport vositasi harakatlanib yurgani aniqlandi. Ularning 10 mingdan ziyodi tezkor tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, tegishli eko-stikerlar bilan ta’minlangan.